O‘zbekiston Meta bilan raqamli xavfsizlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Meta bilan raqamli xavfsizlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Meta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda raqamli ekotizimni rivojlantirish va onlayn muhitda xavfsizlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, muzokaralarda Meta kompaniyasining Osiyo–Tinch okeani mintaqasida davlat siyosati bo‘yicha strategiya va kampaniyalar direktori Bet Enn Lima hamda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha davlat siyosati mintaqaviy menejeri Yerasil Kalixan ishtirok etdi.
Tomonlar xavfsiz va barqaror raqamli muhitni shakllantirish sohasida konstruktiv muloqotni mustahkamlash va tajriba almashish muhimligini taʼkidladi. Uchrashuv davomida raqamli ekotizimni rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek onlayn firibgarlikka qarshi kurash choralari muhokama qilindi.
Alohida eʼtibor raqamli makonda foydalanuvchilar xavfsizligini taʼminlash va texnologik jarayonlarni tartibga solishning zamonaviy yondashuvlarini rivojlantirishga qaratildi.
Muzokaralar yakunida ishtirokchilar sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.