O‘zbekiston Markaziy banki Raiffeisen Bank uchun hisoblar ochdi
O‘zbekiston Markaziy banki Raiffeisen Bank uchun hisoblar ochdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raiffeisen Bank International AG (RBI) uchun milliy va xorijiy valyutada korrespondent hisoblar ochdi. Ushbu qaror mamlakat moliya bozorini rivojlantirish va uni xalqaro moliya tizimiga yana-da chuqur integratsiya qilish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.
Hisoblarning ochilishi xorijiy investorlarning davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida, jumladan uning ikkilamchi segmentida ishtirokini kengaytirish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratadi. Bu esa davlat qarz instrumentlari bozorining yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.
Asosiy natijalardan biri sifatida davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha yana-da shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan daromadlilik egri chizig‘ining shakllanishi qayd etilmoqda. Ikkilamchi bozorda savdo hajmlarining oshishi etalon muddatlar bo‘yicha daromadlilikni bozor mexanizmlari asosida aniqlash imkonini beradi.
Shuningdek, xorijiy kapital oqimi moliya tizimining uzoq muddatli resurs bazasini mustahkamlashga xizmat qilib, iqtisodiyot uchun barqaror moliyaviy resurslarga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, moliyaviy instrumentlar likvidligining oshishi pul-kredit siyosati transmission mexanizmi samaradorligini kuchaytiradi va Markaziy bank qarorlarining real iqtisodiyotga uzatilishini yaxshilaydi.
Markaziy bankda taʼkidlanishicha, moliya bozori infratuzilmasini takomillashtirish va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar izchil ravishda davom ettiriladi.