O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan 6 oktyabr kuni o‘ynaydi
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan 6 oktyabr kuni o‘ynaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol terma jamoasi 6 oktyabr kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi safarda o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. O‘yin FIFAning navbatdagi xalqaro tanaffusi doirasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa oktyabr oyida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi. Janubiy Koreya O‘zbekiston terma jamoasining tasdiqlangan birinchi raqibi bo‘ldi.
Uchrashuvning aniq boshlanish vaqti va o‘yin o‘tkaziladigan stadion hozircha belgilanmagan. Koreya futbol assotsiatsiyasi ham 6 oktyabr kuni o‘yin o‘tkazilishini tasdiqlab, joy va vaqt keyinroq eʼlon qilinishini maʼlum qildi.
20 iyul kuni eʼlon qilingan FIFA reytingida O‘zbekiston 60-o‘rinni egallab turibdi.
So‘nggi o‘zaro uchrashuvlar tarixi Janubiy Koreya foydasiga shakllangan. 2011 yildan buyon o‘tkazilgan to‘qqizta uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi biror marta ham g‘alaba qozona olmagan: oltita o‘yin mag‘lubiyat bilan yakunlangan, yana uchtasi durang bilan tugagan. Umumiy to‘plar nisbati Janubiy Koreya foydasiga 19:8 ni tashkil etadi.
Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv 2018 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan va Janubiy Koreyaning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
2018 yilgi jahon chempionati saralashida raqiblar Toshkentda 0:0 hisobida durang o‘ynagan, Seulda esa mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. 2015 yilgi Osiyo kubogida Janubiy Koreya chorak finalda O‘zbekistonni qo‘shimcha vaqtda 2:0 hisobida mag‘lub etgan.