Oʻzbekiston va YTTB investitsiya hamkorligini kengaytirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va YTTB investitsiya hamkorligini kengaytirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va YTTB investitsiya hamkorligini kengaytirishni muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki guruhining 2026-yilgi bahorgi yig‘ilishlari doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar, avvalo, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, xususan, ijtimoiy infratuzilma va kommunal xizmatlar sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, loyiha tayyorlash sifatini oshirish va xalqaro standartlarga mos moliyalashtirish modellarini joriy etish yo‘nalishida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Moliyaviy sektorni isloh qilish va transformatsiya qilish, jumladan, bank tizimida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va institutsional salohiyatni oshirish masalalari ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi. 

Yakunda tomonlar mavjud hamkorlikni izchil davom ettirish va yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling