Oʻzbekiston va Xitoy qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pekin shahrida O‘zbekiston–Xitoy qishloq xo‘jaligi Quyi qo‘mitasining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston tomonidan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Xitoy tomondan esa Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vaziri o‘rinbosari Chjan Chjili hamda tegishli idoralar vakillari qatnashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashdilar. Xususan, urug‘chilik tizimini takomillashtirish, yuqori hosildor va iqlim sharoitiga mos navlarni joriy etish, seleksiya va genetik tadqiqotlarni chuqurlashtirish borasida kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, veterinariya sohasida kasalliklarning oldini olish, yangi vaksinalarni yaratish bo'yicha tadqiqot ishlarini olib borish, diagnostika va monitoring tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy laboratoriyalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish borasida ham dastlabki kelishuvga erishildi.

Yer degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini saqlash va tiklash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ham kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda innovatsion agrotexnologiyalar, jumladan, resurs tejovchi usullar, raqamli monitoring va agroekologik yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ilmiy-tadqiqot sohasida esa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy markazlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, agrar ta’lim tizimida tajriba almashish hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Ayniqsa, yosh mutaxassislarni tayyorlash, qisqa va uzoq muddatli o‘quv dasturlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot yakunida tomonlar yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy choralarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling