Oʻzbekiston va “Rosatom” atom elektr stansiyalari uchun kadrlar tayyorlashni kuchaytirmoqda
Oʻzbekiston va “Rosatom” atom elektr stansiyalari uchun kadrlar tayyorlashni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 21-aprel kuni "O‘zatom" agentligida O‘zbekiston Respublikasi atom sanoati ehtiyojlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va "Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Tatyana Terenteva hamraisligida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv konstruktiv va mazmunli muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, milliy kadrlarni tayyorlash O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasining strategik ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladilar.
Ishtirokchilar Kadrlar tayyorlash bo‘yicha mamlakat rejasi loyihasini, qo‘shma ta’lim dasturlarini, jumladan, Jizzax viloyati Forish tumani texnikumi bazasida modulli va dual ta’limni ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etish, Rossiyalik o‘qituvchilar ishtirokida MMFI MTYaU Toshkent filialida ta’lim dasturlarini joriy etish va amaliy stajirovkalar, shuningdek, "Train the trainers" kursi bo‘yicha Toshkent filiali o‘qituvchilarining malakasini oshirish dasturini muhokama qildilar.
2026-yil mart oyida imzolangan, asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida kadrlar tayyorlash belgilangan atom va turdosh sohalarda hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
"O‘zatom" agentligi direktori Azim Axmedxadjayev o‘z nutqida shunday dedi: "Bugungi kunda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish nafaqat muhandislik yechimlari, zamonaviy me’yoriy baza va samarali xalqaro hamkorlikni, balki, eng avvalo, barqaror, ko‘p bosqichli va uzoq muddatli istiqbolga yo‘naltirilgan milliy mutaxassislarni tayyorlash tizimini talab qilishi aniq. Aynan kadrlar har qanday yadroviy loyihani xavfsiz, ishonchli va samarali amalga oshirishning asosi hisoblanadi."
"Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Tatyana Terenteva shunday dedi: "Biz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan kadrlar tayyorlash sohasidagi yaqin va konstruktiv hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Atom tarmog‘ini kadrlar bilan ta’minlashning milliy tizimini shakllantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar loyihani yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash imkonini beradi va O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini uzoq muddatli rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Tomonlar yig‘ilishda erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonda AES loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kadrlarni tayyorlashning zamonaviy va samarali tizimini yaratishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.