O‘zbekiston

Oʻzbekiston Prezidenti Braziliya bilan koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

Oʻzbekiston Prezidenti Braziliya bilan koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi
Oʻzbekiston Prezidenti Braziliya bilan koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-may kuni tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Braziliya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mauro Vieyrani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Braziliya munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajada tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish, siyosiy va parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika va sanoatning boshqa tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qishloq xoʻjaligi, seleksiya, turizm, sport va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlik istiqbollari kun tartibida boʻldi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Hukumatlararo komissiya tuzish taklif etildi.

Tomonlar xalqaro darajadagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, boʻlajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.