Oʻzbekiston BMT yigʻilishida turizm tashabbuslarini taqdim etdi

Oʻzbekiston BMT yigʻilishida turizm tashabbuslarini taqdim etdi

Oʻzbekiston BMT yigʻilishida turizm tashabbuslarini taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi delegatsiya Malta Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan BMT Turizm Yevropa komissiyasining 72-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.

Yig‘ilish doirasida xalqaro turizm sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, raqamlashtirish jarayonlari hamda sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan qator masalalar va shu jumladan O’zbekiston tomonidan ilgari surilgan Xalqaro xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish, 2027-yil Barqaror va yashovchan turizm yilini yuqori darajada o’tkazish masalalari muhokama qilinmoqda.

Tadbirda Yevropa va boshqa mintaqalardan kelgan davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda turizm sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Delegatsiya rahbari A.Aqqulov o‘z ma’ruzasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning tashabbusi bilan “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” Ochilish marosimini mamlakatimizda o’tkazilishini ma’lum qildi va barcha Yevropa mamlakatlari mazkur tashabbusni bir ovozda qo’llab-quvvatladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, turistik infratuzilmani takomillashtirish va yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, mamlakatimizda ekologik muvozanatni saqlash, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash hamda mahalliy aholi manfaatlarini inobatga olgan holda turizmni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

O’z o’rnida, mamlakatimizda turizm ta’limiga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan islohotlar BMT Turizm rahbariyati tomonidan alohida qayd etildi.

Mazkur tashrif O‘zbekistonning xalqaro turizm maydonidagi nufuzini yanada oshirish, yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va sohada ilg‘or tajribalarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbir yakunida ishtirokchi davlatlar o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling