Shoshilinch
Turizm

Gruziya Toshkentda turizm sohasi vakillari uchun roud-shou o‘tkazdi

Gruziya Toshkentda turizm sohasi vakillari uchun roud-shou o‘tkazdi
Gruziya Toshkentda turizm sohasi vakillari uchun roud-shou o‘tkazdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Gruziya Milliy turizm maʼmuriyati 8 oktyabr kuni Toshkentda Emotions are Georgia Uzbekistan Roadshow 2026 tadbirini o‘tkazdi.

Tadbir doirasida gruziyalik turoperatorlar va mehmonxona vakillari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashdi. Shuningdek, ishtirokchilarga Gruziyaning turistik imkoniyatlari taqdim etildi.

Gruziya tomonidan tadbirda mamlakat Milliy turizm maʼmuriyati vakili Maka Makatsariya ishtirok etdi. Uchrashuvda Gruziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ham qatnashdi.

«Biz turizm sohalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sayohatlarga ko‘proq odamlarni jalb qilish uchun katta salohiyat mavjudligini ko‘rmoqdamiz», — dedi Maka Makatsariya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turizm faqat raqamlardan iborat emas. «Turizm — bu odamlar, aloqalar va hamkorlikdir. Bugungi tadbirning ahamiyati ham aynan shunda», — deya taʼkidladi u.

Makatsariyaning qayd etishicha, roud-shouda gruziyalik turoperatorlar va mehmonxona vakillarining ishtirok etishi o‘zbekistonlik hamkasblar bilan uchrashish va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.

Tadbir mehmonlariga «Gruziya: unga kam odam tashrif buyuradi, ammo uni siz kashf etasiz» nomli videorolik namoyish etildi. Makatsariyaning aytishicha, rolikda mamlakat bugungi kunda targ‘ib qilayotgan asosiy turistik taassurotlar va mahsulotlar jamlangan, shuningdek, Gruziya taklif qilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarning xilma-xilligi aks ettirilgan.

Uning taʼkidlashicha, videorolik Gruziya sayyohlar tomonidan qanday kashf etilishini istashini ko‘rsatadi. Yaʼni mamlakatni shunchaki sayohat yo‘nalishi sifatida emas, balki o‘rganish, his qilish va yodda saqlash istagini uyg‘otadigan yurt sifatida namoyon etadi.

Roud-shou doirasida Centrum Air aviakompaniyasi vakili Gruziyaga amalga oshiriladigan parvozlar dasturi haqida maʼlumot berdi. Qishki mavsumda aviakompaniya Toshkentdan Tbilisiga haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari reyslarni amalga oshiradi.

Batumiga parvozlar esa yozgi mavsumda bajariladi. Joriy yilning yoz faslida ushbu yo‘nalish bo‘yicha haftasiga beshta reys amalga oshirilgan.

Kecha gruzin milliy taomlari taqdim etilgan gala-kechki ovqat bilan yakunlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.