Mirziyoyev davlat xizmatlarida byurokratiyani kamaytirishni buyurdi

Mirziyoyev davlat xizmatlarida byurokratiyani kamaytirishni buyurdi

Mirziyoyev davlat xizmatlarida byurokratiyani kamaytirishni buyurdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlar uchun qulay, tezkor va shaffof qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Davlat xizmatlari koʻlami 10 barobar koʻpayib, 61 milliondan oshdi. Ularning 80 foizi onlayn shaklda koʻrsatilmoqda. Birgina 2025-yilning oʻzida tadbirkorlikka oid 2 mingdan ortiq majburiy talab bekor qilindi.

Shu bilan birga, sohada ortiqcha tartib-taomillar, qogʻozbozlik va takrorlanuvchi talablar hali ham saqlanib qolmoqda. Bugungi kunda davlat organlarida 5 ming 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 ming 41 ta davlat xizmati mavjud.

– Bunday koʻp funksiya va talablar tizimni samarasiz, qimmat va baʼzan adolatsiz qilib qoʻyishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish va soddalashtirish – eng toʻgʻri yoʻl, – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekistonni 2030-yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi boshlangan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etilgan.

Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qoʻyiladigan talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish koʻzda tutilgan.

Taqdimotda davlat xizmatlarini “servis davlat” modeli asosida tubdan takomillashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor davlat xizmatini birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay koʻrsatishga qaratiladi.

Xususan, 783 ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga oʻtkazilib, xizmat koʻrsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga oʻtkaziladi. Natijada aholining turli idoralarga kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 milliard soʻmgacha transport xarajati tejaladi.

Yana 80 turdagi xizmatni koʻrsatish muddati 2-3 karra qisqartirilib, oʻrtacha muddat 13 kundan 6 kunga tushiriladi. 10 ta xizmat toʻliq avtomatlashtiriladi. 25 ta xizmat boʻyicha toʻlovlarning kamaytirilishi natijasida aholi ixtiyorida yiliga 851 milliard soʻmgacha mablagʻ qoladi.

Shuningdek, 10 ta xizmatni xususiy sektorga oʻtkazish, 15 ta maʼlumot va hujjatni raqamlashtirish belgilanmoqda. Bu orqali 270 dan ortiq xizmatda ushbu maʼlumot va hujjatlarni qayta soʻrash amaliyoti bekor qilinadi.

Majburiy talablarni qayta koʻrib chiqish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Masalan, bozorlar faoliyatiga doir 20 ga yaqin hujjatda 500 dan ziyod talab tarqoq holda yuritilmoqda. Ularni tizimlashtirish orqali talablarning 30 foizdan ortigʻini maqbullashtirish mumkinligi qayd etildi.

Sanitariya talablariga muvofiqlik dalolatnomasi va koʻrikdan oʻtadigan xodimlar roʻyxatini elektron tizim orqali shakllantirish imkoniyati ham koʻrsatib oʻtildi. Bu orqali yiliga 1 milliard soʻm budjet mablagʻini tejash, xodimlarning 24 ming ish soatini amaliy faoliyatga yoʻnaltirish mumkin boʻladi.

Hisob-kitoblarga koʻra, maʼmuriy yukni qisqartirish iqtisodiyotga yiliga 1,5 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri samara beradi. Tartibga solish sifatini yaxshilash qoʻshimcha 800 million dollar xorijiy investitsiya jalb etishga xizmat qiladi. Davlat va biznes oʻrtasidagi jarayonlarni soddalashtirish hisobiga mehnat unumdorligi yiliga 750 million dollarga oshadi. Umumiy hisobda byurokratiyani qisqartirish choralari 2026-2030-yillarda iqtisodiyotni qoʻshimcha 13 milliard dollarga oʻstirish imkonini beradi.

Taqdimotda reestr.gov.uz yagona platformasi orqali davlat funksiyalari, majburiy talablar va davlat xizmatlari reyestrlarini yuritish, idoralar faoliyatini “Bureaucracy radar” asosida baholash, sunʼiy intellekt orqali tahlil qilish va “Biznes kalkulyator” orqali tadbirkorlar xarajatini hisoblash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Prezidentimiz davlat xizmatlari inson qadri, tadbirkorlar uchun qulay muhit va davlat boshqaruvi samaradorligi bilan bevosita bogʻliq ekanini taʼkidladi. Har bir vazirlik va idora oʻz funksiyalarini qayta koʻrib chiqishi, ortiqcha talab va hujjatlarni bekor qilishi, xizmatlarni raqamlashtirishni jadallashtirishi zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha qaror loyihasini kiritish, unda har bir vazirlik va idora kesimida raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda xususiy sektor ulushini oshirish boʻyicha aniq rejalarni belgilash topshirildi.

Shuningdek, sohada ilgʻor tajribalarni ommalashtirish va barcha idoralar faoliyatida “nol byurokratiya” tamoyilini izchil joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

 

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling