Mirazizbek Mirzaxalilov Rossiyada IBF European kamarini qo‘lga kiritdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 14 avgust kuni Naberejniye Chelni shahrida bo‘lib o‘tgan IBA.Pro 20 turnirida o‘zbekistonlik uch nafar bokschi g‘alaba qozondi. Mirazizbek Mirzaxalilov IBF European chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Halimjon Mamasoliyev va Xavasbek Asadullayev o‘z janglarida g‘alaba qozondi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar berdi.
Mirzaxalilov ikkinchi yengil vazn — 55,3 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etdi. IBF European tituli uchun 10 raundga mo‘ljallangan jangda unga mag‘lubiyatga uchramagan rossiyalik bokschi Chingiz Natirov raqiblik qildi. Jangga qadar Natirov 10 ta g‘alabaga ega bo‘lib, ularning beshtasini nokaut bilan qo‘lga kiritgan edi.
To‘rtinchi raunddan so‘ng Natirov jangni davom ettira olmadi. Mirzaxalilov texnik nokaut bilan g‘alaba qozonib, chempionlik kamariga ega bo‘ldi. Ushbu jangdan so‘ng uning professional rekordi 5 ta g‘alabani tashkil qildi, ularning to‘rttasida u raqibini nokautga uchratgan.
Birinchi og‘ir vazn — 90,7 kilogrammgacha bo‘lgan toifada Halimjon Mamasoliyev rossiyalik bokschi German Skobenko bilan 10 raundlik jang o‘tkazdi.
Jang yakuniga ko‘ra, barcha hakamlar bir ovozdan O‘zbekiston vakiliga g‘alaba berdi. Mamasoliyev uchun ushbu g‘alaba professional faoliyatidagi sakkizinchisi bo‘ldi. U yettita jangni nokaut bilan yakunlagan.
O‘zbekistonning yana bir vakili Xavasbek Asadullayev yarim o‘rta vazn — 66,7 kilogrammgacha bo‘lgan toifada ishtirok etdi. U rossiyalik Sergey Lubkovichga qarshi 10 raundlik jang o‘tkazib, unda ham g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, Naberejniye Chelnidagi IBA.Pro 20 turnirida ishtirok etgan O‘zbekistonning uch nafar bokschisi ham o‘z janglarini g‘alaba bilan yakunladi.