O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi

UzDaily tahririyati · 20.07.2026 · 10:03 · 100 views
Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi

Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Fransiya terma jamoasi sardori Kilian Mbappe AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari sifatida «Oltin butsa» sohibi bo‘ldi.

Fransiyalik hujumchi turnir davomida 10 ta gol urdi va 2022 hamda 2026 yilgi Jahon chempionatlarida ketma-ket eng yaxshi to‘purar bo‘lgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylandi. Shuningdek, Mbappe 1970 yildan buyon bitta Jahon chempionatida 10 ta gol urgan ilk futbolchi bo‘ldi. O‘shanda bunday natijaga germaniyalik Gerd Myuller erishgan edi. Jahon chempionatlari rekordi hamon 1958 yilgi turnirda 13 ta gol urgan fransiyalik Jyust Fontenga tegishli bo‘lib qolmoqda.

«Kumush butsa» Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messiga nasib etdi. U turnirda sakkizta gol muallifi bo‘ldi. «Bronza butsa» esa yettitadan gol urgan angliyalik Jud Bellingem va norvegiyalik Erling Xolandga topshirildi.

Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida Ispaniya terma jamoasi sardori Rodri eʼtirof etildi. Yarim himoyachi finalda Ispaniyaning Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etganidan keyin «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritdi.

Jahon chempionatining eng yaxshi darvozaboni deb Ispaniya terma jamoasi posboni Unai Simon topildi.

Chempionatning eng yaxshi yosh futbolchisi mukofoti Ispaniya terma jamoasining 19 yoshli himoyachisi Pau Kubarsiga topshirildi. Ushbu mukofot 21 yoshdan oshmagan futbolchilarga beriladi va 2006 yilgi Jahon chempionatidan buyon topshirib kelinmoqda.

Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha bo‘lib o‘tdi. Turnir tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirokida tashkil etildi va birinchi marta bir vaqtning o‘zida uch mamlakat — AQSH, Meksika va Kanada hududida o‘tkazildi.