Markaziy bank banklar bo‘yicha shikoyat indeksi eʼlon qildi
Markaziy bank banklar bo‘yicha shikoyat indeksi eʼlon qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2026 yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra jismoniy shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlar va shikoyatlar indeksi eng yuqori bo‘lgan tijorat banklari bo‘yicha rasmiy statistik maʼlumotlarni eʼlon qildi. Ro‘yxatga aholidan eng ko‘p eʼtiroz olgan o‘nta bank kiritildi.
Regulyator tomonidan qayd etilishicha, mazkur koeffitsiyent muayyan bankka kelib tushgan shikoyatlar ulushini uning umumiy mijozlar bazasidagi ulushi bilan taqqoslash orqali hisoblanadi. Monitoringga kiritilish uchun esa hisobot davrida kamida 100 ta rasmiy ro‘yxatga olingan ariza mavjud bo‘lishi talab etilgan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, antireytingda birinchi o‘rinni 3,34 ko‘rsatkich bilan Biznesni rivojlantirish banki egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda esa mos ravishda 3,29 indeks bilan Anor Bank hamda 3,23 natija bilan Mikrokreditbank joylashdi.
Keyingi o‘rinlarda AVO Bank (2,16), TBC Bank (2,06), Davr Bank (1,85) va Tenge Bank (1,72) qayd etilgan. Desyatkaga esa Asakabank (1,26), Turon Bank (1,25) va Agro Bank (1,22) yakun yasadi.
Markaziy bank mutaxassislari yuqori shikoyat ko‘rsatkichi bankning mijozlar bazasiga nisbatan muammolar darajasini ko‘rsatishini taʼkidladi. Asosiy muammolar sifatida bank mahsulotlari haqida yetarli axborot berilmasligi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda kechikishlar, xizmat sifati pastligi hamda masofaviy xizmatlar, to‘lovlar va kredit operatsiyalaridagi texnik uzilishlar qayd etildi.
Shuningdek, takroriy shikoyatlarning mavjudligi ayrim banklarda ichki muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yetarli emasligini ko‘rsatishi taʼkidlandi. Regulyator fikricha, bu holat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini modernizatsiya qilish zaruratini yana-da kuchaytiradi.
Eʼlon qilingan natijalardan so‘ng Markaziy bank tijorat banklariga kelib tushayotgan shikoyatlarning tabiatini chuqur tahlil qilish bo‘yicha rasmiy tavsiyalar yubordi. Shuningdek, banklarga mijozlar bilan ishlash tartib-qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, takroriy shikoyatlarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish va xizmat sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirish vazifasi yuklatildi.
Regulyator alohida taʼkidlaganidek, mazkur indeks banklarning moliyaviy barqarorligi, likvidligi yoki ishonchliligini baholash vositasi emas, balki faqat isteʼmolchilar bilan o‘zaro munosabatlar sifati ko‘rsatkichi sifatida xizmat qiladi.