O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Jahon banki va UNICEF ijtimoiy xizmatlarning rivojlanishini baholadilar

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 20:15 · 23 views
Jahon banki va UNICEF ijtimoiy xizmatlarning rivojlanishini baholadilar
Jahon banki va UNICEF ijtimoiy xizmatlarning rivojlanishini baholadilar  / Foto: Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligida Jahon banki, YUNISEF hamda jalb qilingan “Oxford Policy Management” (OPM) konsultantlari, shuningdek Agentlikning tegishli tarkibiy bo‘linmalari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv Agentlik va jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “INSON” loyihasi doirasida Agentlik va YUNISEF o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan o‘tkazildi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, OPM konsultantlari quyidagi ikki yo‘nalishda yordam ko‘rsatish uchun jalb qilingan:

Bolalar va oilalar uchun ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni baholash hamda loyiha doirasida asosiy ijtimoiy xizmatlarni konseptuallashtirish;

Keys-menejment jarayonlarini ijtimoiy xatarlar, mijoz yo‘li va xizmat ko‘rsatish sifati nuqtayi nazaridan tahlil qilish hamda mahalla darajasidagi ijtimoiy ish mexanizmlarini takomillashtirish.

Uchrashuv davomida tomonlar har ikki yo‘nalish bo‘yicha baholash natijalarini, keys-menejment ishlarini, aholining turli guruhlari ehtiyojlarini aniqlash va baholash tartiblarini, shuningdek Agentlik bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni yagona tizimga integratsiyalash masalalarini muhokama qildilar.

Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi — xalqaro tajriba asosida mahalla darajasidagi ijtimoiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, shu orqali har bir ehtiyojmand oilaga manzilli ko‘mak yetkazishni ta’minlashdir.