O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan javobgarlik choralari bekor qilinadi

Dilafro'z Niyazova · 08.08.2025 · 22:55 · 757 views
Ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan javobgarlik choralari bekor qilinadi
Ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan javobgarlik choralari bekor qilinadi / Foto: O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar mehnat munosabatlari va kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalish va maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarning samarali, adolatli va o‘zaro manfaatli tizimini yaratish;

ish beruvchilarning ehtiyojiga muvofiq ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash tizimini joriy etish.

2025 yil 1 sentyabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi:

bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik;

bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.

2025 yil 1 noyabrdan xo‘jalik yurituvchi subyektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:

nogironligi bo‘lgan shaxslar;

oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;

Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari;

muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;

ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.

Bunda majburiy zaxiralash:

xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur;

xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda:

ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi;

1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;

2- va 3- oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.

Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.