Chorvachilik sohasida subsidiyalar ajratiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan 2030 yil 1 yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan Davlat byudjeti hisobidan naslchilik xo‘jaliklariga o‘stirishga qoldirilgan identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplashga har bir davr uchun alohida quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi: birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda – 1,5 mln so‘m, ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda – 2 mln so‘m, olingan buzoq 12 oylikkacha saqlanganda – 1 mln so‘m, olingan buzoq 12 oydan 18 oylikkacha saqlanganda – 1 mln so‘m.
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida quyidagi vazifalarni amalga oshiradigan servis korxonasi tashkil etiladi:
xorijiy davlatlarda chorvachilik tarmog‘i loyihalarini amalga oshirish;
xorijiy davlatlardan yirik va mayda shoxli qoramollarni chorvachilik xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga yetkazib berish hamda ushbu maqsadlar uchun mamlakat hududida import karantini punktlari (zonalari)ni tashkil etish;
chorva mollari yetkazib berilgandan keyin kamida 12 oy oziqlantirish, veterinariya, sunʼiy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlar ko‘rsatishdan iborat servis paketini taqdim etish.