Gidroenergetika tarmog‘i barqaror rivojlantiriladi
Gidroenergetika tarmog‘i barqaror rivojlantiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Gidroenergetika sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
2026 yil yakuniga qadar 114 MVt ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish va 7,1 milliard kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish;
2032 yil yakuniga qadar respublikada:
umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan gidroto‘plash elektr stansiyalarini qurish;
gidroenergetika sohasida 3 266 MVt qo‘shimcha quvvatlarni yaratish orqali gidroenergetika quvvatlarini 2,4 baravarga oshirish.
“O‘zbekgidroenergo” AJni barqaror rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish maqsadida:
investitsiya loyihalari hududlariga olib boruvchi yo‘l, elektr uzatish tarmoqlari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishini bir bosqichli loyihalashtirish (ishchi loyiha) asosida “O‘zbekgidroenergo” AJ mablag‘lari hisobidan xarid tartib-taomiliga asosan pudrat tashkilotlarini aniqlagan holda amalga oshirishga;
infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan istiqbolli hududlarda loyiha-qidiruv ishlarini sifatli amalga oshirish uchun “Gidroproyekt” AJ va “O‘zsuvloyiha” AJga uchuvchisiz uchish apparatlarini xarid qilish va ulardan foydalanishga;
“O‘zbekgidroenergo” AJ va uning tizim tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan davlat xaridlarida “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi tashkilotlarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi belgilandi.