Farg‘ona va Jiangnan Group yangi loyihalarni muhokama qildi
Farg‘ona va Jiangnan Group yangi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoy Xalq Respublikasining "Jiangnan Group" kompaniyasi rahbari Gu Venju boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi.
Muloqot davomida manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalarda munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, xitoylik kompaniyalar bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Viloyatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit natijasida nufuzli kompaniyalarning ishonchi tobora oshib, Xitoy kapitali ishtirokida yangi korxonalar ishga tushirilayotgani taʼkidlandi. Iqtisodiy hamda turli yo‘nalishlarda aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani maʼlum qilindi.
Uchrashuv davomida investorlar bilan texnopark tashkil etish, qurilish, logistika, mebelchilik qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlardagi loyiha takliflari xususida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida xitoylik kompaniyalar bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida aniq chora-tadbirlar belgilandi.