O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Energetika vazirligi elektr uzilishlari sabablarini tushuntirdi

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 18:45 · 29 views
Energetika vazirligi elektr uzilishlari sabablarini tushuntirdi

Energetika vazirligi elektr uzilishlari sabablarini tushuntirdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Energetika vazirligi mamlakatning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotining vaqtinchalik uzilishiga anomal issiq havo va elektr energiyasi isteʼmolining rekord darajaga yetishi sharoitida energiya tizimida yirik avariyalarning oldini olish zarurati sabab bo‘lganini maʼlum qildi.

Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, 16 iyul kuni Yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 291 million kVt·soatga yetdi va bu yoz mavsumi uchun yangi rekord bo‘ldi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilgi rekorddan 18,4 million kVt·soat yoki 6,7 foizga yuqori bo‘ldi.

Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ham yangi rekord qayd etildi. Mamlakat elektr stansiyalari bir sutka davomida 295,4 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu 15 iyul kuni o‘rnatilgan avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 4 million kVt·soat yoki 1,37 foizga ko‘pdir.

Vazirlik taʼkidlashicha, havo haroratining yuqori bo‘lishi ochiq havoda joylashgan elektr uzatish liniyalari va uskunalarining qizib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, konditsionerlar, muzlatgichlar, muzlatish kameralari va boshqa maishiy elektr jihozlaridan ommaviy foydalanish natijasida elektr energiyasi isteʼmoli keskin ortib, tizimga qo‘shimcha yuklama tushirmoqda.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, ayrim elektr uzatish liniyalarida yuklama tanqidiy darajaga yaqinlashganda dispetcherlik xizmatlari elektr taʼminotini qisqa muddatli cheklash choralarini joriy etishi mumkin. Bunday choralar uskunalarning shikastlanishi, yong‘inlar va oqibatlarini bartaraf etish bir necha kun talab qilishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olishga xizmat qiladi.

Yuklamani kamaytirish maqsadida ayrim hududlarda ikki soatgacha davom etuvchi vaqtinchalik elektr uzilishlari joriy etildi. Cheklovlar Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlaridagi qariyb 1750 nafar isteʼmolchiga, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zaomin tumanlaridagi 1200 nafar isteʼmolchiga, Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlaridagi 1300 nafar isteʼmolchiga, shuningdek Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi qariyb 1000 nafar isteʼmolchiga taʼsir qildi.

Energetika vazirligi mamlakatning barcha hududlarida yuzaga kelayotgan nosozliklarni bartaraf etish uchun avariya brigadalari kechayu kunduz ish olib borayotganini maʼlum qildi. Isteʼmolchilar imkoniyat darajasida elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishga va zarurat bo‘lmagan hollarda elektr jihozlarini ishlatmaslikka chaqirildi. Bu energiya tizimiga tushayotgan yuklamani kamaytirishga yordam beradi.

Vazirlik qisqa muddatli majburiy cheklovlar yana-da jiddiy avariyalarning oldini olish uchun zarur chora ekanini taʼkidlab, isteʼmolchilardan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.