O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

“Jaloir” mahallasi suv tarmog‘iga 9,5 mlrd so‘m ajratildi

UzDaily tahririyati · 06.07.2026 · 18:40 · 33 views
“Jaloir” mahallasi suv tarmog‘iga 9,5 mlrd so‘m ajratildi

“Jaloir” mahallasi suv tarmog‘iga 9,5 mlrd so‘m ajratildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Jaloir” mahallasida ichimlik suvi taʼminoti bilan bog‘liq muammolar yuzasidan yuborilgan senator so‘rovidan so‘ng suv quvuri tarmog‘i qurilishini yakunlash uchun 9,5 mlrd so‘m ajratildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar qildi.

25 may kuni Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi aʼzosi Gulnora Marufova Toshkent shahri hokimiga senator so‘rovini yuborgan edi. Hujjatda avval 8,7 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan uzunligi 41,4 kilometr bo‘lgan ichimlik suvi tarmoqlarini qurish rejalashtirilganiga qaramay, ishlar yakunlanmagani qayd etilgan.

Natijada 300 dan ortiq xonadon mavjud bo‘lgan mahalladagi 2 mingdan ziyod aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanishda muammolarga duch kelishda davom etgan. Bu esa aholining ko‘plab murojaatlariga sabab bo‘lgan.

Toshkent shahar hokimligi belgilangan muddatda senator so‘roviga javob taqdim etdi. Unda maʼlum qilinishicha, qurilish ishlarini yakunlash uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 9,5 mlrd so‘m ajratilgan.

Loyiha doirasida mahallada 8,6 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari quriladi. Qurilish ishlarining buyurtmachisi etib “O‘zsuvtaʼminot” AJ huzuridagi «Toshkent shahar suv injiniring kompaniyasi» MCHJ belgilangan.