O'zbekiston delegatsiyasi MDH Soliq forumida ishtirok etmoqda
O'zbekiston delegatsiyasi MDH Soliq forumida ishtirok etmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston delegatsiyasi MDH davlatlari soliq xizmatlarining mijozga yoʻnaltirilganlik tamoyillarini joriy etish boʻyicha Ishchi guruhi yigʻilishida ishtirok etmoqda.
Ufa shahrida (Rossiya Federatsiyasi) MDH davlatlari soliq xizmatlari rahbarlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi (MDH MSK) huzuridagi MDH davlatlari soliq xizmatlari faoliyatiga mijozga yoʻnaltirilganlik tamoyillarini joriy etish boʻyicha Ishchi guruhning yigʻilishi oʻz ishini boshladi.
Tadbirda Hamdoʻstlik davlatlari soliq maʼmuriyatlari vakillari ishtirok etib, soliq maʼmuriyatchiligining servis modelini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va ilgʻor tajriba almashish boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilmoqdalar.
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi Departamenti direktori Toʻrabek Toʻrayev boshchilik qilmoqda.
Yigʻilish doirasida uchta asosiy yoʻnalish koʻrib chiqilmoqda:
Mijozga yoʻnaltirilganlikni rivojlantirish boʻyicha strategik hujjatlarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmonini amalga oshirish tajribasini taqdim etdi. Mazkur Farmon bilan mijozga yoʻnaltirilgan yondashuv soliq xizmatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan boshlab soliq organlarining mijozga yoʻnaltirilganlik indeksi joriy etilishi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Soliq maʼmuriyatchiligida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash.
Soliq qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, soliq xatarlarini baholashning ML-modellari, Risk Scoring intellektual tizimi, AI Call Center, Computer Vision asosidagi yechimlar hamda soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini va soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan boshqa raqamli tashabbuslar taqdim etildi.
Soliq xizmatlarini takomillashtirish uchun qayta aloqadan foydalanish.
Oʻzbekiston delegatsiyasi «Avtokameral» tizimini nazorat vositasidan soliq toʻlovchilarni qoʻllab-quvvatlash servisiga aylantirish tajribasini, shuningdek, Soliq qoʻmitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyati va har oyda oʻtkaziladigan Ochiq eshiklar kuni toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Ishchi guruh yigʻilishida ishtirok etish MDH davlatlari soliq xizmatlarining kasbiy hamkorligini rivojlantirishga, ilgʻor tajriba almashishga hamda Oʻzbekiston Respublikasida mijozga yoʻnaltirilgan yondashuv va soliq maʼmuriyatchiligining raqamli transformatsiyasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.