Indoneziya delegatsiyasi Farg'onaning eksport salohiyatini o'rganib chiqdi
Indoneziya delegatsiyasi Farg'onaning eksport salohiyatini o'rganib chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Indoneziya Respublikasi karantin idorasi inspektorlaridan iborat delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘lib, hududning fitosanitariya tizimi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga tayyorlash jarayonlari bilan tanishdi.
Dastlab mehmonlar Farg‘ona shahridagi "Uz-Segang" MChJ qo‘shma korxonasida bo‘lib, gilosni saralash, qadoqlash, saqlash va eksportga tayyorlash bosqichlarini ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Quva tumanidagi "Quva Agrostar" korxonasida bo‘ldilar. Ularga meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi. Bu esa delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Mehmonlar ishtirokida oziq-ovqat xavfsizligi, sanitariya va fitosanitariya sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif Farg‘ona viloyatining eksport geografiyasini yanada kengaytirish va mahalliy mahsulotlarni Indoneziya bozoriga olib chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratishda yana bir muhim amaliy qadam bo‘ldi.