Issiq tufayli Toshkentning bir qismida elektr o‘chdi
Issiq tufayli Toshkentning bir qismida elektr o‘chdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ayrim isteʼmolchilar anomal issiq va energiya tizimiga yuklama keskin oshishi fonida elektr uzatish liniyalari hamda podstansiyalarda yuzaga kelgan texnik nosozliklar sababli vaqtincha elektr taʼminotisiz qoldi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar qildi.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, soat 14:30 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrining Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlari, shuningdek Toshkent viloyatining Zangiota tumanida jami 8250 nafar isteʼmolchi vaqtincha elektr taʼminotisiz qolgan.
Vazirlik qayd etishicha, avariya-tiklash brigadalari nosozliklarni bartaraf etish ishlarini olib bormoqda va elektr energiyasi taʼminotini imkoni boricha tezroq tiklash choralarini ko‘rmoqda.
Energetiklar isteʼmolchilardan yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.
Shuningdek, vazirlik rejali va rejadan tashqari elektr uzilishlari haqidagi maʼlumotlar tuman elektr taʼminoti korxonalarining rasmiy Telegram guruhlarida, shuningdek Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarining Telegram kanallarida eʼlon qilib borilishini eslatdi.