SSV: issiq tez yordam chaqiruvlarini oshirmadi
SSV: issiq tez yordam chaqiruvlarini oshirmadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Anomal issiq havoga qaramay, O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmatiga tushayotgan yuklama barqarorligicha qolmoqda. Bu haqda Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov maʼlum qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt kun davomida respublika bo‘yicha “103” xizmatiga 166 726 ta chaqiruv kelib tushgan. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, xizmat ko‘rsatilgan hamda bemorlarga zarur tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilgan.
Idorada qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 9–12 iyul kunlari qayd etilgan chaqiruvlar soniga nisbatan sezilarli darajada oshmagan. Mutaxassislar fikricha, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yuqori harorat sharoitida ehtiyot choralariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalarning keng tarqatilgani yuklamaning barqaror saqlanishiga xizmat qilgan.
Abduvoitjon G‘afurov taʼkidlaganidek, issiq davrida yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar, shuningdek keksa fuqarolar, homilador ayollar va bolalar eng xavf guruhiga kiradi. Shu bois bunday bemorlarni doimiy tibbiy kuzatuvda ushlash va ularga shoshilinch tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish alohida ahamiyatga ega.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga imkoniyat darajasida kunning eng issiq vaqtlarida ko‘chaga chiqmaslikni, yetarli miqdorda suv isteʼmol qilishni, shuningdek yog‘li, qovurilgan va haddan tashqari sho‘r taomlarni cheklab, yengil ovqatlar hamda sabzavotli salatlarga ustunlik berishni tavsiya qildi.