O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Yandex Maps Oʻzbekistonda issiqda qulay yurish uchun "Chilla" boʻlimini ishga tushirdi

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 21:10 · 27 views
Yandex Maps Oʻzbekistonda issiqda qulay yurish uchun "Chilla" boʻlimini ishga tushirdi

Yandex Maps Oʻzbekistonda issiqda qulay yurish uchun "Chilla" boʻlimini ishga tushirdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Maps'da O‘zbekistonning yirik shaharlari uchun «chilla» - qirq kunlik jazirama mavsumiga bag‘ishlangan maxsus bo‘lim ishga tushirildi. Unda mamlakat aholisi va mehmonlariga issiq kunlarda sayr va kundalik yo‘nalishlarni qulayroq rejalashtirishga yordam beradigan joylar jamlangan.

Mazkur bo‘lim Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Nukus va Buxoro shaharlarida mavjud bo‘lib, turli vaziyatlarda asqatadi: issiq kunda bolalar bilan qayerga borish, kechqurun do‘stlar bilan qayerda uchrashish, dam olish kunlari qaysi akvaparkka yo‘l olish, shuningdek, shahar bo‘ylab sayr paytida eng yaqin ichimlik suvi nuqtasi yoki favvorani qayerdan topish mumkinligini oldindan tanlash imkonini beradi.

Bo‘limni ochish uchun Yandex Maps ilovasidagi qidiruv satrini bosib, «Chilla» toifasini tanlash kerak. Shundan so‘ng xaritada jazirama ob-havoda ayniqsa dolzarb bo‘lgan joylar paydo bo‘ladi: shahar favvoralari, suv avtomatlari, basseynlar, akvaparklar va plyajlar, shuningdek, sayr paytida qisqa tanaffus qilish mumkin bo‘lgan muzqaymoq nuqtalari va choyxonalar.

Bundan tashqari, Yandex Maps'da issiq havoda shahar tashqarisida dam olish uchun alohida tavsiyalar ham paydo bo‘ldi. Unga suv bo‘yidagi va tog‘lardagi mashhur maskanlar – Chorvoq suv ombori, Amirsoy, Urungach ko‘llari va dam olish kunlari shahardan tashqariga borish mumkin bo‘lgan boshqa joylar kiritilgan.

Yandex Maps ilovasida ob-havo prognozi ham mavjud: bosh sahifadagi joriy harorat belgisini bosib, Yandeks Ob-havo ma’lumotlari asosida kelasi kun prognozi va bugungi yog‘ingarchilik xaritasini ko‘rish mumkin. Bu uydan chiqish uchun qulayroq vaqtni tanlash va eng issiq soatlarga uzoq yo‘nalishlarni rejalashtirmaslikka yordam beradi.

Yandex Maps – kundalik shahar hayotidagi turli vazifalarni oson hal qilishga yordam beradigan ilova. U orqali yaqin atrofdagi kafe, do‘kon yoki dorixonani topish, notanish manzilga qulay yo‘lni aniqlash mumkin. Ilovada tashkilotlar va shahar infratuzilmasi obyektlarini izlash, ularning ish vaqti, fotosuratlari, reytingi, foydalanuvchilar fikrlari hamda boshqa foydali ma’lumotlar bilan tanishish mumkin. Shuningdek, avtomobilda, jamoat transportida yoki piyoda harakatlanish uchun eng ma’qul yo‘nalishni tuzish imkoniyati ham bor.