Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi Nurobod tumani uchun rivojlanish rejalarini taqdim etdi
Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi Nurobod tumani uchun rivojlanish rejalarini taqdim etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining Muvaqqat ishlar vakili Renata Vrobel xonim va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim Samarqand viloyatining Nurobod tumani hokimi bilan uchrashdilar hamda hududni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Uchrashuv davomida mehmonlarga tuman uchun ishlab chiqilgan kompleks bosh rejalar taqdim etildi. Ushbu rejalar infratuzilmani modernizatsiya qilish, turizm salohiyatini oshirish va aholi uchun yanada qulay yashash muhitini yaratishga qaratilgan.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan bosh rejalar Nurobod tuman markazi, Nurbuloq sog‘lomlashtirish maskani hamda Hazrati Dovud ziyoratgohini qamrab oladi.
Ular iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Rejalar doirasida jamoat hududlarini obodonlashtirish, piyodalar uchun qulay muhit yaratish, tibbiy va sog‘lomlashtirish infratuzilmasini rivojlantirish hamda ziyorat va ekoturizm imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.