O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi faoliyati tartibga solindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining (Administratsiya) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Administratsiya Prezidentning davlat boshlig‘i sifatida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi va hamkorligini taʼminlashiga ko‘maklashadigan, Prezident vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlaydigan davlat organidir.
Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi.
Administratsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qiladi.
Administratsiya quyidagi asosiy vakolatlarga ega:
Administratsiyaga belgilangan tartibda kiritilgan qonunchilik hujjatlarini, Prezident va Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari loyihalarini yakuniy ishlab chiqishni tashkil etish;
Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Administratsiya Rahbarining farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini mustaqil ravishda ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar hamda topshiriqlar berish, ularning bajarilishi va natijalari to‘g‘risida batafsil maʼlumot talab qilish va boshqalar.
Administratsiya Rahbari O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan farmoyishlar yoki topshiriqlar chiqaradi.