O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

O‘zbekistonda aholining valyuta ayirboshlash aylanmasi 31% oshdi

Dilafro'z Niyazova · 14.08.2026 · 19:40 · 30 views
O‘zbekistonda aholining valyuta ayirboshlash aylanmasi 31% oshdi
O‘zbekistonda aholining valyuta ayirboshlash aylanmasi 31% oshdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil yanvar–iyun oylarida banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi xorijiy valyutani sotib olish va sotish operatsiyalarining umumiy aylanmasi 31 foizga yoki 4,5 mlrd dollarga oshib, 19,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.

Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, hisobot davrida banklar jismoniy shaxslardan 12,3 mlrd dollarlik xorijiy valyuta sotib olgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 35 foizga ko‘p. Banklar tomonidan aholiga sotilgan valyuta hajmi esa 26 foizga oshib, 6,8 mlrd dollarga yetgan.

Choraklar kesimida banklarning valyuta xaridi birinchi chorakda 4,052 mlrd dollardan 5,857 mlrd dollarga, ikkinchi chorakda esa 5,057 mlrd dollardan 6,409 mlrd dollarga oshgan. Valyuta sotuvi hajmi birinchi chorakda 2,424 mlrd dollardan 3,202 mlrd dollarga, ikkinchi chorakda 2,966 mlrd dollardan 3,572 mlrd dollarga ko‘paygan.

Markaziy bank qayd etishicha, operatsiyalarning 59 foizi yoki 11,2 mlrd dollari valyuta ayirboshlash shoxobchalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 33 foizga oshgan.

Operatsiyalarning yana 39 foizi yoki 7,5 mlrd dollari onlayn shaklda masofaviy xizmat ko‘rsatish kanallari orqali amalga oshirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 27 foizga o‘sgan. Qolgan 404 mln dollarlik operatsiyalar, yaʼni 61 foizga ko‘paygan hajm, sutka davomida uzluksiz ishlaydigan valyuta bankomatlari orqali amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, onlayn kanalning umumiy aylanmadagi ulushi 2024 yil birinchi yarmidagi 37 foizdan 2025 yilda 41 foizga, 2026 yilda esa 39 foizga o‘zgargan. Valyuta ayirboshlash shoxobchalarining ulushi esa mos ravishda 62 foiz va 58 foizdan 59 foizga yetgan.

Markaziy bank masofaviy kanallar va sutka davomida ishlaydigan valyuta bankomatlari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar ulushining izchil o‘sishini aholining raqamli bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengayishi bilan izohlagan.

Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur tendensiya xalqaro amaliyotga ham mos keladi. Raqamli moliyaviy xizmatlarning kengayishi va operatsiyalarni sutkaning istalgan vaqtida amalga oshirish imkoniyati tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Banklar tomonidan jismoniy shaxslardan sotib olingan xorijiy valyuta hajmi aholiga sotilgan valyuta hajmidan 5,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘lgan. 2025 yilning shu davrida ushbu farq 3,7 mlrd dollarni tashkil etgan.

Markaziy bank taʼkidlashicha, aholida shakllangan valyutaning sof taklifi hajmining valyuta ayirboshlash operatsiyalarining umumiy aylanmasiga nisbati 2025 yil birinchi yarmidagi 26 foizdan 2026 yilning shu davrida 29 foizga oshgan. Bu aholi operatsiyalarining ichki valyuta bozoridagi sof taklifni shakllantirishdagi roli kuchayganidan dalolat beradi.