O‘zbekistonga yarim yildagi pul o‘tkazmalari 13% o‘sdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonga 2026 yil yanvar–iyun oylarida xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga yoki 1,1 mlrd dollarga oshib, 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga anʼanaviy mehnat migratsiyasi mamlakatlarida ishchi kuchiga yuqori talab va nisbatan yuqori ish haqining saqlanib qolishi, shuningdek, yil boshidan buyon ushbu mamlakatlar milliy valyutalarining umumiy mustahkamlanishi va valyuta kurslarining moʻtadil tebranishi taʼsir ko‘rsatgan.
Jumladan, Rosstat maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2026 yil birinchi choragida o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqi 106,9 ming rossiya rublini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan nominal ifodada 15,1 foizga, real ifodada esa 8,7 foizga oshgan.
Rossiya Markaziy bankining rasmiy kurslari asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil birinchi yarmida Rossiya rubli AQSH dollariga nisbatan 2025 yilning shu davriga qaraganda o‘rtacha 13,5 foizga mustahkamlangan.
AQSH Mehnat statistikasi byurosi maʼlumotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidan tashqari xususiy sektor xodimlarining iyun oyidagi o‘rtacha soatlik ish haqi 13 sentga yoki 0,3 foizga oshib, 37,6 dollarni tashkil etgan. Yillik hisobda esa ish haqi 3,5 foizga o‘sgan.
Markaziy bank mehnat migratsiyasi geografiyasi diversifikatsiyasi davom etayotganini qayd etdi. Migratsiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uyushgan mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha 23 ta davlat bilan 48 ta kelishuv tuzgan. Ularning 18 tasi 2025–2026 yillarda 14 ta davlat bilan imzolangan hukumatlararo va idoralararo kelishuvlardir. Shuningdek, 36 ta davlatdagi 325 dan ortiq yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Istiqbolli hamkorlar qatorida Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Serbiya, AQSH va Yaponiya bor. AQSH, Italiya, Shvetsiya, Fransiya va Sloveniya mehnat migratsiyasi uchun yangi yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.
Gap savdo va xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish, payvandlash va metallga ishlov berish, yog‘ochga ishlov berish, neft-gaz hamda tog‘-kon sanoati sohalarida ishga joylashish haqida bormoqda. Joriy yilda 124,5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijda yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtirilgan.
Pul o‘tkazmalarida eng katta o‘sish Buyuk Britaniyadan — 62 foiz, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan — 27 foiz, jumladan Irlandiyadan 86 foiz, Litvadan 18 foiz va Niderlandiyadan 7 foiz, shuningdek, AQSHdan 19 foiz qayd etilgan.
Absolyut ko‘rsatkichlarda Qozog‘istondan kelgan pul o‘tkazmalari 366 mln dollardan 469 mln dollarga, AQSHdan 313 mln dollardan 372 mln dollarga, Janubiy Koreyadan 282 mln dollardan 314 mln dollarga, Turkiyadan 266 mln dollardan 303 mln dollarga, Buyuk Britaniyadan 89 mln dollardan 144 mln dollarga, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan esa 251 mln dollardan 319 mln dollarga oshgan.
Jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning umumiy hajmidan 4,3 mlrd dollari, yaʼni 46,7 foizi anʼanaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali o‘tkazilgan. Bu yo‘nalishda o‘sish 0,3 foizni tashkil etgan.
Yana 4,8 mlrd dollar yoki 51,7 foiz mablag‘ P2P tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga o‘tkazilgan. Bu ko‘rsatkich 32 foizga o‘sgan. 142 mln dollar yoki 1,6 foiz mablag‘ esa SWIFT orqali bank o‘tkazmalari shaklida kelib tushgan, mazkur yo‘nalishda 43 foizlik pasayish qayd etilgan.
Markaziy bank global tendensiyalar haqidagi maʼlumotlarni ham keltirdi. So‘nggi o‘n yillikda daromadi past va o‘rta darajada bo‘lgan mamlakatlarga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 5,5 trln dollardan oshgan. 2015 yildan buyon Xitoyni hisobga olmaganda, pul o‘tkazmalari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tashqi moliyalashtirishning eng yirik manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2022 yildan boshlab ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmidan oshib kelmoqda.
2025 yilda pul o‘tkazmalarini eng ko‘p qabul qilgan mamlakat Hindiston bo‘lib, unga 151 mlrd dollar kelib tushgan. Keyingi o‘rinlarda Meksika, Filippin, Misr, Pokiston va Bangladesh qayd etilgan.
Shu bilan birga, Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan jismoniy shaxslar tomonidan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2026 yil yanvar–iyun oylarida 8 foizga yoki 100 mln dollarga oshib, 1,3 mlrd dollarni tashkil etgan.