O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni kengaytirishga kelishdi

UzDaily tahririyati · 06.07.2026 · 18:24 · 31 views
O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni kengaytirishga kelishdi

O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni kengaytirishga kelishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 6 iyul kuni Toshkent shahrida Iordaniya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va ekspatriantlar masalalari bo‘yicha vazir Ayman Safadi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklikni yana-da rivojlantirish va o‘tgan yili Samarqand shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, oliy va yuqori darajadagi tashriflar jadvali ko‘rib chiqildi. Vazirlar siyosiy muloqot va o‘zaro almashinuvlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yana-da mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi, taʼlim hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar Amman — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashi faoliyati iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishini taʼkidladi.

Vazirlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa ko‘p tomonlama maydonlarda hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyor ekanini tasdiqladi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi sheriklikni izchil rivojlantirish hamda uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.