O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Zangiotadagi AGTKSHdagi portlash sababi maʼlum qilindi

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 20:40 · 32 views
Zangiotadagi AGTKSHdagi portlash sababi maʼlum qilindi

Zangiotadagi AGTKSHdagi portlash sababi maʼlum qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi avtomobil gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida sodir bo‘lgan portlashning dastlabki sababini maʼlum qildi. Idora maʼlumotlariga ko‘ra, hodisa maishiy gaz ballonlarini noqonuniy ravishda to‘ldirish vaqtida xavfsizlik talablarining qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida yuz bergan.

Qo‘mita maʼlum qilishicha, 16 iyul kuni kechqurun Zangiota tumanining Erkin mahallasida joylashgan avtomobil gaz quyish shoxobchasiga oltita maishiy gaz ballonini olib kelayotgan Labo avtomobili kirib kelgan. Shoxobcha faqat transport vositalarini gaz bilan to‘ldirish uchun mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, unda qo‘lbola o‘tkazgich yordamida 100 litrli maishiy gaz ballonlari to‘ldirilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, uchinchi ballon to‘ldirilayotgan vaqtda shlang bosimga dosh bermay yorilib, ulanish joyidan chiqib ketgan. Shlangning qattiq yuzaga urilishi uchqun hosil qilgan va shundan so‘ng portlashlar hamda yong‘in sodir bo‘lgan.

Qo‘mitada taʼkidlanishicha, hodisaga shtatda nazarda tutilmagan uskunalardan foydalanish va belgilangan xavfsizlik talablarining buzilishi sabab bo‘lgan.

Hodisa oqibatida ikkita gaz balloni portlagan, yana to‘rttasi yongan va jiddiy shikastlangan. Uch nafar inson jabrlangan. Ulardan ikki nafari o‘rtacha og‘irlikda kuyish jarohatlari olgan, yana bir nafarning tanasining 80 foizigacha qismi kuygan bo‘lib, ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Barcha jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Portlash va yong‘inning barcha holatlari hamda yakuniy sabablarini aniqlash uchun kompleks ekspertiza tayinlandi.

Idora qo‘lbola qurilmalardan foydalanish hamda avtomobil gaz quyish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish taqiqlanganini va bu inson hayoti hamda sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishini yana bir bor eslatdi.

Hodisa 16 iyul kuni soat 22:46 da Zangiota tumanidagi avtomobil gaz quyish shoxobchasi hududida sodir bo‘lgan. Avvalroq shoxobchada portlash va yong‘in yuz bergani, oqibatda propan saqlash rezervuari hamda uni tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomobil shikastlangani haqida xabar berilgan edi.