O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Ipoteka soliq imtiyozlari avtomatlashtirilishi mumkin

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 20:31 · 32 views
Ipoteka soliq imtiyozlari avtomatlashtirilishi mumkin

Ipoteka soliq imtiyozlari avtomatlashtirilishi mumkin

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi ipoteka kreditlarini to‘lashga daromadlarini yo‘naltirayotgan fuqarolarga soliq imtiyozlarini avtomatik tarzda taqdim etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida eʼlon qilindi.

Loyihada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHDS) bo‘yicha imtiyozlarni idoralararo maʼlumot almashinuvidan foydalangan holda proaktiv tarzda qo‘llash tartibi belgilangan. Hujjat tasdiqlangan taqdirda, yangi tartib 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

2026 yil 1 sentyabrga qadar ipoteka kreditlarini kuzatib borishda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 1 noyabrga qadar esa Soliq mobil ilovasi, soliq xizmatlari portali va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida imtiyozlarni avtomatik taqdim etish xizmati ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Imtiyozni qo‘llash uchun asos vakolatli organlardan elektron shaklda kelib tushadigan maʼlumotlar bo‘ladi. Ular qatoriga ipoteka shartnomasi, qarz oluvchi yoki hamqarz oluvchining JSHSHIRi, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlar summasi, ipoteka subsidiyasi ajratilgani haqidagi maʼlumotlar, sotib olingan ko‘chmas mulk obyekti, unga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, shuningdek ish joyi, daromadlar va ushlab qolingan JSHDS to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiradi.

Loyihaga ko‘ra, Markaziy bank ipoteka kreditlari va amalga oshirilgan to‘lovlar haqidagi maʼlumotlarni, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ajratilgan ipoteka subsidiyalari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etadi. Qolgan zarur maʼlumotlar esa Soliq qo‘mitasining axborot tizimlaridan olinadi.

Axborot tizimi har oy imtiyoz olish huquqining mavjudligini tekshirib boradi. Agar tekshiruv vaqtida zarur maʼlumotlar to‘liq bo‘lmasa, qayta tekshiruv keyingi kun davomida amalga oshiriladi.

Soliq imtiyozi miqdori ham davlat axborot tizimlari maʼlumotlari asosida avtomatik hisoblanadi. Imtiyoz qo‘llanilgandan so‘ng qarz oluvchi besh kun ichida SMS, elektron pochta, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki Soliq mobil ilovasi orqali tegishli xabarnoma oladi.

Loyihada belgilanishicha, ipoteka asosida xarid qilingan uy-joy mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyingi 36 oy ichida sotilsa, soliq imtiyozi belgilangan shartlarga zid ravishda qo‘llangan deb hisoblanadi. Bunday holatda soliq organlari qayta hisob-kitob o‘tkazib, avval taqdim etilgan imtiyoz summasini qo‘shimcha hisoblaydi va bu haqda soliq to‘lovchini shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.

Qaror loyihasining jamoatchilik muhokamasi 31 iyulga qadar davom etadi.