Iroq Qurdistoni tadbirkorlari O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati salohiyati bilan tanishdi
Iroq Qurdistoni tadbirkorlari O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati salohiyati bilan tanishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi bilan 165 nafar Iroq Kurdistoni tadbirkorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga yetib keldi.
Savdo-sanoat palatasi ushbu tashrif Palata raisi Davron Vaxobovning 2025-yil dekabr oyida Iroqqa ishchi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning davomi ekanligini maʼlum qildi.
Erbil viloyati — Iroqning muhim iqtisodiy va logistika markazlaridan biri bo‘lib, mamlakatning yirik investitsiya va savdo habi sifatida eʼtirof etiladi.
Delegatsiya tarkibiga Iroq Kurdistoni mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi boshchiligida Erbil, Sulaymoniya, Duhok, Halabja va Kirkuk savdo-sanoat palatalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari kirgan.
Tashrif doirasida 17-18 iyul kunlari:
Toshkent shaharida O‘zbekiston – Iroq Qurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari forumini o‘tkazish,
zargarlik sohasida faoliyat yurituvchi korxona faoliyati bilan tanishish;
elektrotexnika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati ko‘rgazmalariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif o‘zbek va Iroq Kurdistoni tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli loyihalarni muhokama qilish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.