O‘zbekiston va Qozog‘iston umumiy chegarasini modernizatsiya qilmoqda
O‘zbekiston va Qozog‘iston umumiy chegarasini modernizatsiya qilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston va Qozogʻiston bojxona xizmatlari rahbariyati “Gʻishtkoʻprik” – “Jibek joli” chegara oʻtkazish punktlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli modernizatsiya ishlarining borishi bilan tanishdi
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi Raisining birinchi oʻrinbosari Gʻ.Nasirov va Qozogʻiston Respublikasi Davlat daromadlari qoʻmitasi Raisi J.Duysimbiyev boshchiligidagi maʼsullar dastlab Oʻzbekistonning toʻliq yangidan qurilgan “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti faoliyatiga e'tibor qaratishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz chegara oʻtkazish punktlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ularning oʻtkazuvchanlik salohiyatini oshirish va inson omilini qisqartirishga qaratilgan islohotlar doirasida “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti toʻliq yangidan bunyod etildi.
Intellektual bojxona posti sifatida mazkur majmua eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari, yuqori aniqlikdagi skanerlash uskunalari hamda xavflarni tahlil qilish mexanizmlari bilan jihozlandi. Bu esa chegara orqali harakatlanuvchi fuqarolar, transport vositalari va tovarlarni tezkor hamda samarali nazoratdan oʻtkazish imkonini beradi.
Ayni vaqtda mazkur postga tutash Qozogʻistonning “Jibek joli” bojxona posti ham yangidan bunyod etilmoqda. Masʼullar mazkur postdagi qurilish bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishishdi.
Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Qozogʻiston bojxona xizmatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, chegara orqali harakatlanuvchi tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Mutasaddilarning fikricha, yangilangan “Gʻishtkoʻprik” va “Jibek joli” postlarining ishga tushirilishi nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi savdo va logistika jarayonlarini yanada jadallashtiradi, balki fuqarolar uchun qulay va tezkor chegaradan oʻtish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Rejaga koʻra, joriy yilning kuzida ikkala post bir vaqtning oʻzida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.