MCC WISDRI va “O‘zmetkombinat” yangi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning MCC WISDRI kompaniyasi vakillari “O‘zmetkombinat” AJga tashrif buyurib, korxonaning yirik loyihalari, jumladan, Tebinbuloq tog‘-metallurgiya loyihasi va domna pechi qurilishi bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv avvalroq Xitoyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning davomi bo‘ldi.
Muzokaralar davomida tomonlar “O‘zmetkombinat”ning strategik ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirishda MCC WISDRIning xalqaro tajribasi, zamonaviy muhandislik yechimlari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Tebinbuloq tog‘-metallurgiya loyihasi va domna pechi qurilishi bo‘yicha hamkorlikning amaliy yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xitoydagi uchrashuvlardan so‘ng muzokaralarning O‘zbekistonda davom ettirilishi muhokamalarning muayyan loyihalar va yechimlar ustida amaliy ish olib borish bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatadi.