Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o'tkazmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish anʼanasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
– Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun! – dedi Prezidentimiz.
O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.
Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapti,– dedi davlatimiz rahbari.
Besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga koʻpaydi.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda.
Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.
So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda “katta sakrash” qilindi.
Elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. “BYD”, “ADM Jizzakh”, “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi.
“Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi. Tuproqqalʼa va Yangiariqda jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilinib, korxonalarning barqaror energiya taʼminotiga xizmat qilmoqda.
Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda kichik biznes ulushi 81 foizga yetib, viloyat respublikada birinchi o‘ringa chiqdi.
Haftalik aviareyslar 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari 8 tadan 41 taga ko‘paydi. “Toshkent – Xiva” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi, 35 kilometrlik yangi “Urganch – Xiva” avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda.
25 gektarda “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo etildi, tadbirkorlar 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini tashkil qildi. Joriy yil Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.
Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksi ham bunyod etiladi.
– Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda,– dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi.
“Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi. Tuproqqalʼa va Yangiariqda jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilinib, korxonalarning barqaror energiya taʼminotiga xizmat qilmoqda.
Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda kichik biznes ulushi 81 foizga yetib, viloyat respublikada birinchi o‘ringa chiqdi.
Haftalik aviareyslar 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari 8 tadan 41 taga ko‘paydi. “Toshkent – Xiva” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi, 35 kilometrlik yangi “Urganch – Xiva” avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda.
25 gektarda “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo etildi, tadbirkorlar 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini tashkil qildi. Joriy yil Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.
Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksi ham bunyod etiladi.
– Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda, – dedi Prezident.
Iqtisodiyot o‘sishiga katta turtki beradigan yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” zamonaviy avtomobil yo‘llari shular jumlasidan.
Xorazmda ekologik aviayoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.
Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi boʻlgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.
Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkaga tushiriladi.
Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.