O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkent yer usti metrosi ish vaqti vaqtincha qisqaradi

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 20:35 · 34 views
Toshkent yer usti metrosi ish vaqti vaqtincha qisqaradi

Toshkent yer usti metrosi ish vaqti vaqtincha qisqaradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17–19 iyul kunlari Toshkent metropolitenining yer usti halqa liniyasida poyezdlar qisqartirilgan jadval asosida — soat 06:00 dan 22:30 gacha harakatlanadi. Bu haqda poytaxt metropoliteni matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu davrda mutaxassislar yer usti halqa liniyasidagi barcha 14 ta stansiyaning konstruktiv va texnik holatini batafsil tekshiruvdan o‘tkazadi.

Metropolitenda taʼkidlanishicha, profilaktika ishlari infratuzilmaning ishonchli ekspluatatsiyasini taʼminlash, uning joriy holatini qo‘shimcha tahlil qilish, shuningdek yo‘lovchilar xavfsizligi va qulayligi darajasini oshirishga qaratilgan.

Yo‘lovchilardan safarlarni rejalashtirishda jadvaldagi vaqtinchalik o‘zgarishlarni inobatga olish so‘raldi. Shuningdek, yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr bildirildi.

Texnik tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 16 iyul kuni Turon stansiyasida sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng qabul qilindi. «Toshkent metropoliteni» DUK maʼlumotiga ko‘ra, soat 14:34 da yo‘lovchilar platformasiga shiftning dekorativ qoplama elementlari qisman qulab tushgan.

Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan va ularga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda mutaxassislar konstruksiyalarni texnik tekshirish ishlarini davom ettirmoqda hamda hodisa sabablarini aniqlamoqda.