MICE tadbirlari tashkilotchilariga QQSning 50% qaytariladi
MICE tadbirlari tashkilotchilariga QQSning 50% qaytariladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 8 iyuldagi 373-son qarori bilan respublika hududida ishbilarmonlik turizmi (MICE-turizm) tadbirlarini tashkil etuvchi tadbirkorlarga respublika byudjetiga amalda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasining 50 foizini qaytarish tartibi tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 2025 yil 19 noyabrdagi PQ-348-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan.
QQSning bir qismini qaytarish huquqiga litsenziyaga ega bo‘lgan va MICE tadbirida kamida 100 nafar xorijiy turist ishtirokini taʼminlagan turoperatorlar ega bo‘ladi.
Bunday tadbirlarga uchrashuvlar, rag‘batlantiruvchi safarlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar hamda ushbu yo‘nalishga oid boshqa ishbilarmonlik tadbirlari kiradi. Mazkur tartib aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilishi natijasida yuzaga kelgan ortiqcha to‘langan soliq summalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Tasdiqlangan nizom tashkilotchilarga qo‘yiladigan talablar, murojaat qilish tartibi va taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati, qaytariladigan mablag‘ni hisoblash mexanizmi hamda uni respublika byudjeti hisobidan tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Qaytarish mablag‘ini olish uchun tadbirkor tadbir yakunlangan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmasdan Turizm qo‘mitasiga Milliy yagona turizm platformasi orqali murojaat qilishi lozim.
Murojaatga tadbir haqidagi maʼlumotlar va uning dasturi, tashkiliy xarajatlar smetasi, mavjud bo‘lganda elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari, bank to‘lov hujjatlari, shuningdek, xorijiy ishtirokchilarning O‘zbekistonga kirishi va mamlakatdan chiqishi haqidagi maʼlumotlar ko‘rsatilgan ro‘yxat ilova qilinadi.
Belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Har bir tadbir bo‘yicha faqat bitta murojaatga ruxsat etiladi.
Turizm qo‘mitasi hujjatlarni besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va nizom talablariga rioya etilgani haqida elektron xulosa tayyorlab, uni Soliq qo‘mitasiga yuboradi.
QQS bo‘yicha hisobot topshirilgandan keyin, ammo uni taqdim etgan sanadan eʼtiboran uch oydan kechiktirmasdan tadbirkor Soliq mobil ilovasi yoki soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali to‘langan soliqning yarmini qaytarish haqida murojaat yuboradi.
Murojaat davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan Soliq qo‘mitasining avtomatlashtirilgan dasturi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Dastur nizom talablariga rioya etilganini, Turizm qo‘mitasining elektron xulosasi mavjudligini, byudjetga amalda to‘langan soliq summasini hamda tadbirni tashkil etish bilan bevosita bog‘liq tovar va xizmatlar bo‘yicha hisobga olingan QQS summalarini tekshiradi.
Qaytariladigan mablag‘ hisoblangan ikki qiymatdan eng kichigi asosida belgilanadi. Yaʼni qaytariladigan summa respublika byudjetiga amalda to‘langan QQSning 50 foizidan ham, tadbirni tashkil etish xarajatlari bo‘yicha hisobga olingan QQSning 50 foizidan ham oshmasligi kerak.
Bunda faqat tadbirni tashkil etish tannarxiga kiritilgan va Soliq kodeksiga muvofiq foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar tarkibida to‘langan QQS qaytariladi.
Qaytarishni rad etish uchun nizom talablariga rioya qilinmaganligi, noto‘g‘ri yoki soxta maʼlumotlar taqdim etilganligi, tadbir o‘tkazilgani haqida elektron xulosaning mavjud emasligi, murojaat qilish muddati buzilganligi yoki soliqning byudjetga amalda to‘lanmaganligi asos bo‘ladi.
Noto‘g‘ri maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, mablag‘ni qaytarish rad etiladi, avval qaytarilgan mablag‘lar byudjetga undiriladi, aybdor shaxslar esa qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, Soliq qo‘mitasi xavf darajasi yuqori bo‘lgan murojaatlarni qo‘shimcha tekshirish huquqiga ega.
Barcha talablar to‘liq bajarilgan taqdirda, mablag‘lar murojaat kelib tushgan kundan boshlab o‘n besh ish kunidan kechiktirmasdan qaytariladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik ajratilgan byudjet mablag‘lari doirasida ularni tadbirkorning bank hisobvarag‘iga avtomatik tarzda o‘tkazadi.
Agar tadbirkorning soliqlar, moliyaviy sanksiyalar yoki penyalar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lsa, qaytariladigan mablag‘lar birinchi navbatda ushbu qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.