O‘zbekistonda ekotadbirkorlar uchun yangi dastur boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturining «Shaharlarda sirkulyar iqtisodiyot va chiqindilarni boshqarishni ilgari surish» loyihasi doirasida tadbirkorlar, startap asoschilari va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun olti haftalik bepul o‘quv dasturi boshlandi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi xabar berdi.
Toshkent, Angren va Nukus shaharlarida o‘tkazilayotgan dasturda 100 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda. Qatnashchilarning kamida yarmini ayollar tashkil etadi.
Taʼlim dasturi 12 ta amaliy seminar va tajribali trenerlar tomonidan mentorlik yordamini qamrab oladi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun 10 ming dollargacha bo‘lgan grantni qo‘lga kiritish imkoniyati uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Tashabbus Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga hissa qo‘shadi.
Xususan, tashabbus ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 5-Barqaror rivojlanish maqsadi — «Gender tengligi»ga, barqaror iqtisodiy o‘sish, bandlik va munosib mehnat sharoitlarini rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi 8-maqsad — «Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish»ga hissa qo‘shadi.
Shuningdek, loyiha xavfsiz, inklyuziv va ekologik barqaror shaharlarni yaratishga qaratilgan 11-maqsad — «Barqaror shaharlar va aholi punktlari», barqaror ishlab chiqarish va isteʼmol modellarini shakllantirish bilan bog‘liq 12-maqsad — «Masʼuliyatli isteʼmol va ishlab chiqarish» hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 17-maqsad — «Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik» doirasidagi vazifalarga xizmat qiladi.