Mirziyoyev: 558 nafar fuqaro Oʻzbekiston davlat mukofotlariga sazovor boʻldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
– 35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar o‘zining ko‘lami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Prezident.
Ushbu o‘zgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va olijanob xalqimiz ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-ro‘z yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon bo‘lishini qayd etdi.
Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotiga yangi g‘oya va kashfiyotlar olib kirayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning hissasiga alohida to‘xtaldi.
Prezidentimiz mustaqillikning kuch-qudrati madaniyat, san’at va sportni rivojlantirish yo‘lida xizmat qilayotgan insonlarning mahoratida, islohotlar ijrosini har bir mahalla va har bir xonadonga yetkazayotgan davlat xizmatchilarining mehnatida ham namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
Joylarda odamlarni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, xalq osoyishtaligi hamda Vatan tinchligini ta’minlayotgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining jasorati alohida qayd etildi.
– Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi, bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir! – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Fidoyi va bunyodkor vatandoshlarimiz, mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi bo‘lgan butun xalqimizga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
Prezidentimiz inson qadri ulug‘langan, adolat va taraqqiyotga tayangan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan xalq bilan birgalikda dadil borilayotganini ta’kidladi.
So‘nggi o‘n yilda xalq bilan hamjihat bo‘lib amalga oshirilayotgan ishlar natijasida iqtisodiyot tez sur’atlarda barqaror o‘sib borayotgani qayd etildi.
O‘tgan davrda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirdi. Iqtisodiyotimiz 2,5 barobardan ziyod ko‘paydi. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish o‘rni yaratildi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming o‘rinli zamonaviy maktab, 342 ming o‘rinli bog‘cha va 62 ming o‘rinli shifoxonalar ishga tushirildi.
Odamlarning uzog‘ini yaqin qilish uchun 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurildi va ta’mirlandi. Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib bordi, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi zamonaviy uy-joyga ega bo‘ldi. Xalqimizda “Uyli bo‘lish – vatanli bo‘lish” degan naql bor. Shu ma’noda, kamida 2,5 million aholi vatanli bo‘ldi!
Prezidentimiz bugun Yangi O‘zbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda ham baland yangrayotganini, davlatimizning xalqchil, tinchlikparvar siyosati dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidladi.
– Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, o‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish har bir inson uchun katta baxt ekani ta’kidlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yo‘li, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini ta’kidladi.
Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bag‘ishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor. U kishi tabarruk yoshda bo‘lsalar-da, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat bo‘lib kelmoqda.
Surxondaryolik mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonovning cho‘llarni o‘zlashtirib, dehqonchilikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi haqiqiy qahramonlik sifatida e’tirof etildi.
Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon po‘lat erituvchi vazifasida ishlayotgan G‘ulomjon Turonovning “Xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani butun metallurglar mehnatining e’tirofidir.
Paxtachilik va g‘allachilikda yuksak natijaga erishib, o‘z maktabini yaratgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, ipak qurtini bahor, yoz va kuz mavsumida parvarishlab, yuqori hosil olayotgan buxorolik pillakor Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilg‘or texnologiya va zamonaviy yondashuvlarni joriy qilayotgan qoraqalpog‘istonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv yo‘qotishlarini kamaytirishga hissa qo‘shayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning xizmatlari ham munosib baholandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezatgan usta-naqqosh Sattorxo‘ja To‘xtaxo‘jayevga “Xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni berildi.
Prezidentimiz davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
Shu kunlarda joylarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizga ham samimiy tabriklar aytildi.
Mukofotlanganlar orasida islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizga katta-katta sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni olib kelayotgan xorijlik hamkorlar borligi qayd etilib, ularga ham minnatdorlik bildirildi.
Mamlakatimiz yetakchisi mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
– Ko‘ksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi deb ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari marosim yakunida.