O‘zbekiston ayollar U23 terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldi
O‘zbekiston ayollar U23 terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jakarta shahrida o‘tayotgan boks bo‘yicha U23 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Final janglari yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschilar to‘qqizta medalni qo‘lga kiritdi. Ular oltita oltin, bitta kumush va ikkita bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu natija O‘zbekiston terma jamoasiga umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston terma jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Hindiston terma jamoasi egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Gulsevar G‘aniyeva (51 kg gacha) finalda Qozog‘iston vakili Anita Adishevani 4:1 hisobida mag‘lub etib oltin medalni qo‘lga kiritdi. Humorabonu Mamajonova (57 kg gacha) Qozog‘istonlik Uljan Sarsenbekni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Mushtariybonu Ibrohimjonova (60 kg gacha) Hindiston vakili Nikita Chandni 5:0 hisobida yengdi. Sevinch Xurramova (65 kg gacha) hindistonlik Kajalni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Ruxshona Parpiyeva (80 kg gacha) Qozog‘istonlik Kuralay Yeginbayqizini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, Sobiraxon Shahobiddinova (80 kgdan yuqori) finalda Hindiston vakili Priyankani 4:1 hisobida yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Kumush medalni Rayhona Qurbonboyeva (70 kg gacha) qo‘lga kiritdi. U hal qiluvchi bahsda Qozog‘iston vakili Aziza Issinaga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Yana ikki nafar O‘zbekiston vakili musobaqaning bronza medali sohibi bo‘lib, jamoaning umumiy medallar hisobiga hissa qo‘shdi.
Shu tariqa, U19 qizlar terma jamoasining g‘alabasidan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi U23 yosh toifasida ham umumjamoa hisobida g‘olib bo‘ldi.
Jakartada o‘tayotgan Osiyo chempionatida navbatda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi final janglari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi vakillari medallar uchun kurashni davom ettiradi.