O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori 48 foizga o‘sdi

UzDaily tahririyati · 06.07.2026 · 15:55 · 41 views
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori 48 foizga o‘sdi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori 48 foizga o‘sdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki 2026 yilning birinchi choragi bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori tahliliy sharhini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, ushbu davrda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar soni 110,1 mingtaga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga ko‘pdir.

Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida qayd etildi — 67 foiz. Shuningdek, Toshkent shahrida bitimlar soni 64 foizga, Andijon viloyatida 56 foizga, Navoiy viloyatida esa 52 foizga oshdi. Regulyator bahosiga ko‘ra, mazkur dinamika hududlarda iqtisodiy faollikning kuchayishi va urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvini aks ettiradi.

Bozor o‘sishining asosiy omillari ipoteka kreditlash hajmining kengayishi va aholining real daromadlari oshishi bo‘ldi. Birinchi chorakda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 5,7 trln so‘mni tashkil etib, bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 29 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, aholining real daromadlari 7,8 foizga o‘sgan. Talabning yana-da oshishiga 2026 yil 1 apreldan eskrou tizimi joriy etilishi ham turtki berdi. Yangi tartiblar kuchga kirishini kutgan xaridorlar faolligi natijasida mart oyida bitimlar soni keskin ko‘paydi.

Uy-joy narxlari o‘sishi ham tezlashdi. 2026 yil mart holatiga ko‘ra, birlamchi bozordagi kvartiralar narxi dollar hisobida yillik ifodada 8,1 foizga, ikkilamchi bozorda esa 9,4 foizga oshdi. So‘m hisobida esa o‘sish mos ravishda 1,8 va 3,0 foizni tashkil qildi.

Qurilish sohasida ham yuqori faollik saqlanib qolmoqda. Birinchi chorakda foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 million kvadrat metrga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 foizga ko‘pdir. Yakka tartibdagi uy-joy qurilishining yuqori ulushi saqlanib qolmoqda. Markaziy bank ko‘p qavatli uylar qurilishi Toshkent shahridan tashqari hududlarga ham kengayib borayotganini qayd etdi. Bu mamlakatning boshqa hududlarida ham urbanizatsiya jarayonlari jadallashayotganidan dalolat beradi.

Ijara bozorida ham moʻtadil o‘sish saqlanmoqda. Respublika bo‘yicha ijara stavkalari yil davomida so‘m hisobida 3,1 foizga, dollar hisobida esa 9,5 foizga oshdi. Toshkent shahrida ijara narxlarining o‘sish surʼati respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lgan.

Toshkentda yer uchastkalari bozorida esa narxlar pasayishi davom etdi. Bir sotix yerning qiymati bir yil ichida 6,4 foizga arzonladi. Regulyator buni shaharning chekka hududlarida taklif hajmi ortishi bilan izohladi.