O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Turkmaniston transportni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

Dilafro'z Niyazova · 14.08.2026 · 19:45 · 34 views
Oʻzbekiston va Turkmaniston transportni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Turkmaniston transportni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 13-avgust kuni O‘zbekiston transport-logistika sohasi vakillari ishtirokida Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi vakillari, milliy tashuvchilar hamda transport-ekspeditorlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Muzokaralarda haydovchilar uchun vizalarni elektron tarzda rasmiylashtirish va to‘lovlarni optimallashtirish, Farap–Olot chegara o‘tish jarayonlarini takomillashtirish, navbat va kutish muddatlarini qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tez buziladigan yuklar uchun alohida koridor tashkil etish, neytral hududda ikkinchi ko‘prik qurish, Turkmanboshi porti orqali avtomobil va temir yo‘l tashuvlarini jadallashtirish, vazn-gabarit cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Turkman tomoni bildirilgan takliflarni ko‘rib chiqish va tegishli davlat organlariga yetkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish va tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.