O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Ekologlar chiqindi poligonidagi yong‘in zararini baholadi

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 18:55 · 37 views
Ekologlar chiqindi poligonidagi yong‘in zararini baholadi

Ekologlar chiqindi poligonidagi yong‘in zararini baholadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Ekologiya milliy qo‘mitasi Ohangaron tumanidagi chiqindi poligonida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida atmosfera havosi ifloslangani uchun davlat korxonasi Maxsustrans-ISHBga 683,87 million so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovini hisobladi.

Idora maʼlum qilishicha, Ekopolitsiya mutaxassislari 11–12 iyul kunlari Toshkent shahri havosi sifati yomonlashishi sabablarini o‘rgandi. Tekshiruv davomida 10 iyul kuni Ohangaron shossesining 32-kilometrida, “Yangixayot” posyolkasida joylashgan maishiy chiqindilar poligonida yong‘in sodir bo‘lgani aniqlandi.

Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, yong‘inga chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish talablariga rioya etilmagani sabab bo‘lgan. Dastlabki tekshiruvdan so‘ng viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari poligon rahbari R.B.ga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Takroriy tekshiruvda qonunbuzilishlar bartaraf etilmagani, natijada yong‘in davom etgani maʼlum bo‘ldi. Shu munosabat bilan obyekt rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 2-qismi asosida yana bir maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Mazkur modda chiqindilarni yig‘ish va saqlashda tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

Havo laboratoriya tahlillari bir qator ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan eng yuqori konsentratsiyasi oshib ketganini ko‘rsatdi. Uglerod oksidi miqdori meʼyordan 10,7 barobar, formaldegid 12,2 barobar, azot dioksidi 12,8 barobar, oltingugurt dioksidi 9 barobar, vodorod sulfidi esa 1,5 barobar yuqori ekani qayd etildi.

Qo‘mita maʼlum qilishicha, 11 iyul kuni soat 20:00 dan keyin Toshkent shahrida sharqiy va janubi-sharqiy shamol kuchayib, o‘rtacha tezligi sekundiga 5–8 metrni, ayrim vaqtlarda esa 10 metrgacha yetgan. Shu vaqtda monitoring stansiyalari PM2,5 va PM10 qattiq zarrachalari konsentratsiyasi oshganini qayd etgan.

O‘tkazilgan tadqiqotlar yakunlariga ko‘ra, Maxsustrans-ISHBga qo‘shimcha ravishda 683,87 million so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Hozirda sudga murojaat qilish uchun tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, Ohangaron tumanining “Yangixayot” mahallasidagi chiqindi poligoni 2021 yildan buyon qurilmoqda. Obyekt qurilish ishlari to‘liq yakunlanmagani sababli hali foydalanishga topshirilmagan. Shunga qaramay, 2025 yil may oyidan boshlab Maxsustrans-ISHB Toshkent shahridan maishiy chiqindilarni ushbu maydonga olib chiqmoqda.