ShHTning Giyohvandlikka qarshi kurash markazini tashkil etish to'g'risidagi qonun deputatlar tomonidan ma'qullandi
ShHTning Giyohvandlikka qarshi kurash markazini tashkil etish to'g'risidagi qonun deputatlar tomonidan ma'qullandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorligi izchil rivojlanmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasining oldini olish, javobgarlikni kuchaytirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi global muammo bo‘lib, mamlakatlarning xavfsizligiga tahdid solmoqda.
Ushbu holatlar SHHT hududidagi mamlakatlarda giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirilishini taqozo qilmoqda. Bunda axborot almashish, chegaralarni mustahkamlash, yagona qonunchilik choralarini ishlab chiqish va mintaqa davlatlari o‘rtasida muvofiqlashtirishga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur bitim bilan SHHTga a’zo davlatlar tomonidan Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi tashkil qilinmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ushbu markaz orqali SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikning mustahkamlashga, hamkorlik doirasida giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida qo‘shma tezkor-profilaktik tadbirlarni rejalashtirish va muvofiqlashtirishga, malakali kadrlar tayyorlash hamda davlatlar o‘rtasida tezkor va ishonchli ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etishga, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi samarali kurashishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.