Turkiyada 10 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi tekshirilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyaning Oydin viloyatida bank kartalaridan foydalangan holda shubhali pul o‘tkazmalari amalga oshirilgani bilan bog‘liq holat yuzasidan 10 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan tergov va tekshiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʼlum qildi. Konsulxona ushbu maʼlumotni Turkiya Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalaridan olgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur ish doirasida 30 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi ushlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, tergov va tekshiruv tadbirlari taxminan 10 nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan olib borilmoqda.
Ularning ayrimlari sud qarorlari asosida jazoni ijro etish muassasalarida, boshqalari esa deportatsiya markazlarida saqlanmoqda. Yana bir qismi Turkiya hududini tark etmaslik sharti bilan ozod qilingan. Ularga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Konsulxonada taʼkidlanishicha, fuqarolarga nisbatan qo‘llanilayotgan huquqiy choralar ularning ishga taxmin qilingan darajada aloqadorligi, bank hisob raqamlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar miqdori va tergov jarayonida aniqlanayotgan boshqa holatlarga bog‘liq.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiya organlari bilan hamkorlikda vaziyatni kuzatib bormoqda hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.
Konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini bank kartalari, hisob raqamlari va mobil banking xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini uchinchi shaxslarga bermaslikka chaqirdi. Shuningdek, fuqarolarga boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan pul mablag‘larini qabul qilmaslik va o‘tkazmaslik tavsiya etildi.
Diplomatik vakolatxona bank kartasi yoki hisob raqamini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish, shuningdek, kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan mablag‘larni o‘tkazishda vositachilik qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakat qonunchiligiga rioya qilishga va shubhali moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.