O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Bomiyon viloyati O‘zbekistonga yiliga 300 ming tonnagacha kartoshka eksport qilishi mumkin

UzDaily tahririyati · 27.07.2026 · 15:40 · 30 views
Bomiyon viloyati O‘zbekistonga yiliga 300 ming tonnagacha kartoshka eksport qilishi mumkin

Bomiyon viloyati O‘zbekistonga yiliga 300 ming tonnagacha kartoshka eksport qilishi mumkin
 

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Kobul shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Afg‘onistonning Bomiyon viloyati hokimi Al-Hoj Qori Gul Haydar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va agrar sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, shuningdek, ikki tomonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Bomiyon viloyatining iqtisodiy va agrar salohiyati, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar hamda o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, Bomiyon viloyati tog‘li iqlimi tufayli Afg‘onistonning "kartoshka poytaxti" sifatida eʼtirof etilgani qayd etildi. Hozirda hududda tajriba tariqasida 17 gektar maydonga eksport va sanoat usulida qayta ishlash uchun mos bo‘lgan yuqori hosilli Fontane navidan 44 tonna urug‘lik kartoshka ekilgan. Ekinlar yaxshi rivojlanmoqda va yuqori hosil kutilmoqda.

Loyiha kartoshka hosildorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar kooperatsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tomonlar istiqbolda Bomiyon viloyatidan O‘zbekistonga yiliga 300 ming tonnagacha yuqori sifatli kartoshka eksport qilish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.