Aux va Hisense konditsionerlari xavfsizlikka mos emas
Aux va Hisense konditsionerlari xavfsizlikka mos emas
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi Texnik jihatdan tartibga solish sohasini nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmasi poytaxt savdo nuqtalarida Xitoyda ishlab chiqarilgan Aux va Hisense rusumli konditsionerlar bo‘yicha nazorat xaridlarini amalga oshirdi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Aux rusumli mahsulot «Texnik vositalarning elektromagnit mosligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu esa uskunalar elektromagnit xalaqitlar taʼsiri va ularga chidamlilik bo‘yicha belgilangan meʼyorlarga to‘liq mos kelmaganini anglatadi.
Hisense konditsionerlariga nisbatan ham amaldagi standartlarga mos kelmaslik holatlari aniqlandi. Jumladan, qurilmalarning nominal elektr energiyasi isteʼmoli meʼyoriy ko‘rsatkichlardan yuqori ekani qayd etildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bozorda taqdim etilgan ayrim mahsulotlar belgilangan texnik talablar va xavfsizlik meʼyorlariga javob bermasligini ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan fuqarolarga maishiy texnika sotib olishda muvofiqlik sertifikatlari mavjudligini, shuningdek, mahsulot sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi texnik hujjatlarni diqqat bilan tekshirish tavsiya etiladi.
Inspeksiya maʼlum qilishicha, aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tegishli taʼsir choralari ko‘rilmoqda.
Sifatsiz yoki ehtimoliy kontrafakt mahsulot aniqlangan taqdirda isteʼmolchilar 1880 qisqa raqami orqali vakolatli organga murojaat qilishlari mumkin.