Argentina Misrni mag‘lub etib, chorak finalga chiqdi
Argentina Misrni mag‘lub etib, chorak finalga chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Argentina terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 1/8 final bahsida Misrni 3:2 hisobida irodali tarzda mag‘lub etib, musobaqaning chorak finaliga yo‘l oldi. Uchrashuv Atlanta shahrida bo‘lib o‘tdi.
Hisobni uchrashuvning 15-daqiqasida Yasser Ibrohim ochib, Misr terma jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda esa Mustafo Ziko 67-daqiqada gol urib, jamoasining ustunligini mustahkamladi.
Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida argentinaliklar o‘yin taqdirini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. 79-daqiqada Kristian Romero hisobni qisqartirdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib Lionel Messi hisobni tenglashtirdi. Qo‘shimcha vaqtning 90+3-daqiqasida esa Enso Fernandes g‘alaba goliga mualliflik qildi.
Ushbu bahsda Messi jahon chempionatlaridagi golli uzatmalar soni bo‘yicha ham yangi natija qayd etdi. Misrga qarshi o‘yinda amalga oshirgan golli uzatmasi uning jahon chempionatlaridagi to‘qqizinchi assisti bo‘lib, bu ko‘rsatkich orqali u Diyego Maradonaning natijasini ortda qoldirdi.
Jahon chempionatlarida assistlar statistikasi 1966 yildan buyon yuritib kelinadi.
Shuningdek, Argentina terma jamoasi sardori bir jahon chempionati doirasida urgan gollari soni bo‘yicha shaxsiy rekordini ham yangiladi. Uning mazkur turnirdegi gollari soni sakkiztaga yetdi. Bu boradagi avvalgi eng yaxshi natijasi 2022 yilgi jahon chempionatida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda u yettita gol urgan edi.
Avvalroq, 4 iyul kuni Argentina terma jamoasi musobaqaning oldingi bosqichida Kabo-Verdeni qo‘shimcha vaqtdan keyin 3:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Dastlab g‘alaba goli Lionel Messining uzatmasidan keyin Kristian Romero hisobiga yozilgan edi. Biroq keyinchalik Xalqaro futbol federatsiyasi gol muallifligini o‘zgartirib, uni avtogol sifatida rasman qayd etdi.