Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 19-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining “Raqamli sheriklik: sun’iy intellekt va yangi avlod ma’lumotlar iqtisodiyoti” mavzusidagi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti tomonidan tashkil etildi.
Kengash ishida ikki mamlakatning yetakchi tahliliy, tadqiqot va ta’lim muassasalari, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Osiyo–Tinch okeani mintaqasi va global strategiya instituti hamda Miqdoriy iqtisodiyot va texnik iqtisodiyot instituti vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va davlat idoralari vakillari ham qatnashdi.
Uchrashuv Kengashning 2025-yil 22-mart kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan, iqlim kun tartibi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va ekologik texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan birinchi yig‘ilishida boshlangan ekspertlar muloqotining davomi bo‘ldi. Bu gal asosiy e’tibor raqamli transformatsiya bo‘yicha milliy strategiyalar, sun’iy intellektni tartibga solishga doir yondashuvlar, investitsiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga qaratildi.
Yig‘ilish Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syanning O‘zbekistonga tashrifi kunlarida bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari va O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida ekspertlar O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilgani hamda siyosiy muloqot va savdo-iqtisodiy hamkorlikdan tortib, ilmiy-texnik kooperatsiya, raqamlashtirish va gumanitar almashinuvlargacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
Sheriklik ko‘lami aniq natijalarda namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobar oshib, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 17 milliard dollarga yetdi, Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 6,5 mingdan oshdi, qat’iy kelishuvlarga asoslangan loyihalar portfeli esa qariyb 60 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, hamkorlikning an’anaviy yo‘nalishlari qatorida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, robototexnika va “yashil” energetika kabi yuqori texnologiyali tarmoqlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov sun’iy intellekt va ma’lumotlar iqtisodiy raqobatbardoshlik, davlat boshqaruvi sifati hamda texnologik xavfsizlikni belgilovchi asosiy omillarga aylanayotganini ta’kidladi. Ishlab chiqarish zanjirlari qayta shakllanayotgan va texnologik raqobat kuchayayotgan sharoitda ushbu sohadagi hamkorlik O‘zbekiston uchun alohida amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida raqamli transformatsiya islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “Raqamli O‘zbekiston – 2030”, “O‘zbekiston – 2030” strategiyalari hamda Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish, hisoblash quvvatlarini oshirish va milliy iqtisodiyotga intellektual yechimlarni joriy etish uchun asos yaratmoqda.
Islohotlarning izchilligi xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 17 pog‘ona, Jahon intellektual mulk tashkilotining Global innovatsiyalar indeksida 16 pog‘ona hamda Oxford Insights tashkilotining Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida 25 pog‘ona yuqoriladi.
Shu bilan birga, mamlakat o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Prezident tomonidan 2030-yilga qadar elektron hukumat rivoji bo‘yicha yetakchi 30 ta, sun’iy intellektni qo‘llashga tayyorlik bo‘yicha 50 ta va innovatsion rivojlanish darajasi bo‘yicha 60 ta davlat qatoriga kirish vazifalari belgilangan. Ushbu maqsadlarga erishish raqamli infratuzilmani rivojlantirish va elektron xizmatlarni kengaytirish bilan bir qatorda, o‘z texnologik kompetensiyalarini shakllantirish, sun’iy intellektni amaliyotda kengroq qo‘llash hamda milliy raqamli iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishni taqozo etadi.
A. Ne’matov Xitoy O‘zbekistonning texnologik va sanoat transformatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Savdo va investitsiyalar ko‘lamining kengayishi bilan birga telekommunikatsiyalar, ma’lumotlarni qayta ishlash, raqamli xizmatlar va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlik ham rivojlanmoqda. Bunda sheriklikni yanada chuqurlashtirish asosan tayyor yechimlarni joriy etishdan texnologiyalar transferi, muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash hamda qo‘shma tadqiqot va ishlanmalarni kengaytirishni nazarda tutuvchi yanada chuqur texnologik kooperatsiyaga o‘tish bilan uyg‘un kechishi lozim.
“Biz uchun Xitoy bilan hamkorlik tayyor yechimlarni xarid qilish bilan cheklanib qolmasdan, o‘z kompetensiyalarimiz, infratuzilmamiz va milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashtirilgan texnologiyalarimizni rivojlantirishga xizmat qilishi prinsipial ahamiyatga ega”, — deya ta’kidladi SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari.
U texnologik sheriklik milliy raqamli ekotizimning ochiqligi va xalqaro texnologik zanjirlarga integratsiyalashuvini saqlagan holda O‘zbekistonning texnologik suverenitetini mustahkamlashga xizmat qilishi lozimligini qayd etdi. Ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli yechimlarning o‘zaro mosligini ta’minlash, mamlakatning ilmiy va muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish, shuningdek, fuqarolar va biznesning raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan keng foydalanishini ta’minlash bunday hamkorlikning muhim shartlaridir.
Misol tariqasida A. Ne’matov STAR.VISION kompaniyasi tomonidan “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va 2026-yil avgust oyida uchirilgan “Samarkand-2028” Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini keltirdi. O‘zbekistonlik muhandislar sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilingan sun’iy intellekt modulini yaratdi. Ushbu tajriba yerlar monitoringi, ekologik vaziyatni baholash va tabiiy resurslarni boshqarish uchun yuqori texnologiyali yechimlarni birgalikda ishlab chiqish salohiyatini namoyon etadi.
Hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib, A. Ne’matov beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi: yuqori unumli hisoblash tizimlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qamrab oluvchi hisoblash infratuzilmasi hamda ma’lumotlar iqtisodiyotini rivojlantirish; sun’iy intellekt yechimlarini birgalikda ishlab chiqish va sanoat, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, jumladan, qishloq va suv xo‘jaligi hamda davlat boshqaruviga joriy etish; kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish; elektron tijorat va raqamli moliyani rivojlantirish; kiberxavfsizlikni mustahkamlash.
U O‘zbekiston Prezidentining O‘zbekiston–Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish tashabbusini amalda ro‘yobga chiqarish, qo‘shma tajriba loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zbek tilidagi til modellarini ishlab chiqishga alohida ahamiyat qaratdi. Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan, sun’iy intellekt etikasi va uni tartibga solish bo‘yicha muvozanatli yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi. O‘zbekistonning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotida (WAICO) ta’sischi davlatlardan biri sifatida ishtirok etishi hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
So‘zining yakunida A. Ne’matov O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashi ikki tomonlama muloqot maydoni bo‘lish bilan birga, ikki mamlakatning ilmiy, texnologik va ishbilarmonlik salohiyatini birlashtirgan holda amaliy ehtiyojlarga javob beradigan takliflarni ishlab chiqish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishning samarali mexanizmiga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
Xitoylik ekspertlar, o‘z navbatida, O‘zbekistonning raqamli infratuzilma va milliy innovatsion ekotizimni rivojlantirish borasidagi yutuqlarini, shuningdek, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida mintaqaviy markazga aylanish salohiyati ortib borayotganini qayd etdi.
Muhokamalar davomida O‘zbekistonning Raqamli ipak yo‘lini rivojlantirishdagi ishtiroki istiqbolli ekani ham ta’kidlandi. Ushbu tashabbus texnologik kooperatsiya, raqamli xizmatlar, ma’lumotlar almashinuvi va qo‘shma innovatsiyalarni kengaytirishga ko‘maklashib, Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi raqamli aloqalarni mustahkamlaydi.
Yig‘ilish ishtirokchilari raqamli sheriklikka oid barcha masalalar yuzasidan ekspertlar muloqotini davom ettirish hamda sun’iy intellekt, ma’lumotlar iqtisodiyoti va raqamli transformatsiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan amaliy hamkorlik shakllarini rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.